Loyiha haqida
Ma’rifat qizlar — asosan talabalar turar joylarida (TTJ) yashayotgan qizlar uchun mo‘ljallangan o‘quv-informatsion veb-platforma. Platforma qizlarning axloqiy madaniyati, huquqiy va psixologik savodxonligi hamda shaxsiy salohiyatini rivojlantirishni ko‘zlaydi. Loyiha doirasida TTJlarda ijtimoiy-axloqiy muhitni tizimli o‘rganish, muammolarni aniqlash va amaliy yechimlar — uslubiy materiallar, korreksion va profilaktik dasturlar, shuningdek interaktiv onlayn kurslar majmuini taqdim etish belgilangan. Mazkur platforma O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan bajarilgan ALM-20241103271-sonli “Talabalar turar joylaridagi qizlar orasida axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida o‘quv-informatsion veb-platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Bizning missiyamiz
Talaba-qizlar uchun xavfsiz, qo‘llab-quvvatlovchi va ma’naviy sog‘lom muhitni mustahkamlash, TTJ hayotiga moslashuvni yengillashtirish va ularning akademik hamda shaxsiy muvaffaqiyatlarini rag‘batlantirish.
Nega bu dolzarb?
Mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning yarmini xotin-qizlar tashkil etadi. TTJ bilan ta’minlash va u yerda yashash muhitining sifatini oshirish masalalari qizlar ta’limi va farovonligiga bevosita ta’sir qiladi. TTJlarda nojo‘ya xatti-harakatlar, tazyiq yoki zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va moslashuvni yengillashtirish tizimli profilaktika va ishonchli axborotni talab qiladi. Aynan shu sababli mazkur platforma dolzarb hisoblanadi.